Xo‘jayli tumani hokimligining majlislar zalida qishloq xo‘jaligi sohasiga oid seminar bo‘lib o‘tdi.Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev, tuman hokimi J.Ermashev va soha mutasaddilari ishtirok etdi.Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2024 yildagi «Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-465-son qarori talablarini bajarish yuzasidan so‘z yuritildi.
Xususan, dala chetlariga, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga eksportbop ekinlar ekish vazifa etib belgilandi.
Shuningdek, qaror talablari asosida dala chetlariga har yili 1-aprelga qadar ekinlar ekilmagan va yil davomida hosil yetishtirilmagan holatlar aniqlansa, barcha ekin maydonlariga uch baravar soliq hisoblanishi, dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga Agroinspeksiya tomonidan BHMning 10 baravarigacha jarima qo‘llanilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga ajratilgan imtiyozli kreditlar to‘xtatilgani qat’iy tushuntirildi.