Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi mutaxassislari bilan birgalikda,Taxiatosh tumani hududida joylashgan issiqxonalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar bilan birga, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha monitoring ishlari olib borildi.
Bugungi kunda Taxiatosh tumanida jami 5 ta issiqxona o‘z faoliyatini yuritmoqda, unda pomidor va bodring mahsulotlari ekilib, yetishtirilib kelinmoqda.Xususan, «Keneges» ovul fuqarolar yig‘inidagi «TAHIATASH AGROKOMPLEKS TEPLITSA» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli, koreya texnologiyasi asosida barpo etilgan, umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan ushbu issiqxonada pomidorning «Alamina» navi noyabr oyida ekilib, parvarishlash ishlari olib borilmoqda.
Issiqxonaning ichki qismi optimallashtirilgan tarzda isitilgan bo‘lib, bu esa mahsulotlarning ekologik toza va sifatli yetishtirilishini ta’minlaydi.Yetishtirilgan mahsulotlar standartlarga muvofiq, asosan ichki bozorlarga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, bu yerda faoliyat yuritayotgan ishchilar asosan mahalladagi xotin-qizlar bo‘lib, ular uchun yaratilgan sharoitlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.Bu issiqxonada ayni paytda pomidor ko‘chatlari parvarishlanib, ular hosil berish arafasida.Issiqxona faoliyati nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rivojlantirishga, balki mahalliy aholini ish bilan ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.