Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda Taxiatosh tumani hududida joylashgan issiqxonalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar bilan birga, yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha monitoring ishlari olib borildi.
Taxiatosh tumanida joylashgan «NAYMAN AGROTEPLITSA» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan 8,5 gektar yer maydonini egallagan issiqxona, poliz mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha yirik loyihalardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda issiqxonada turkiyalik agronom Bulant Atesh tomonidan 4,5 yildan buyon pomidordan mo‘l hosil olish samarali yo‘lga qo‘yilgan.Ushbu issiqxonada har gektardan 100 tonna hosil olish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, unda zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilib, ekologik toza va sifatli sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Issiqxonada pomidorlar dekabr oyidan boshlab pishib yetilib, may oyining oxirigacha terim mavsumi davom etadi.Terilgan pomidorlar Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga eksport qilinadi.Shuningdek, ichki bozorlarga ham arzon narxda tarqatiladi.Bugungi kunda issiqxonada 30 dan ortiq xotin-qizning bandligi ta’minlangan.