Qishloq xo‘jaligida sifatli agrotexnik tadbirlar muhim

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev Qoraqalpog‘iston Respublikasida fermer xo‘jaliklarida olib borilayotgan agrotexnik ishlarni o‘rgandi.

Ular Amudaryo tumanidagi «Diyorbek Qanjig‘ali» fermer xo‘jaligida xorijiy g‘o‘za navlarini ekishda qo‘llaniladigan Xitoy texnologiyasi, tomchilatib sug‘orish va mahalliy navlardan himoya zonalarini tashkil etish usullarini ko‘rib chiqdi.

Vazir agrotexnik tadbirlarni ijobiy baholab, ularni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. U shuningdek, mutasaddilarga mavsum davomida dala ishlarini sifatli tashkil etish, oziqlantirishda belgilangan me’yor va tartiblarga amal qilish hamda agrotexnik tadbirlarda ilmiy asoslangan yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.