#Diana_Mardana
«Taqirko‘ldagi» mehnat va muvaffaqiyatning shirin mevalari
«Yer ichida oltin bor, qazib bersang, topasan. Bog‘ ichida kumush bor, kavlayversang, topasan» – bu maqolning haqiqatligini Nukus tumanining «Taqirko‘l» qishlog‘ida yashovchi Amangul Allambergenova o‘zining «Diana Mardana» fermer xo‘jaligini rivojlantirish orqali isbotlab bermoqda.
2005-yilda oilaviy biznes sifatida tashkil etilgan «Diana Mardana» fermer xo‘jaligi bugungi kunda 28 gektar yerga ega. Shundan 10 gektari ekin maydoni bo‘lib, uning 5 gektari hosildor bog‘ga, 2 gektari bug‘doyga, 3 gektari turli poliz ekinlariga ajratilgan. Qo‘shimcha ravishda, 3 gektar yerda pillachilik bilan shug‘ullanuvchilarga yordam sifatida tut dalasi yaratilgan.
Amangul opa oila a’zolari bilan birga erta bahorda foydalanish uchun ikki sotix yerda issiqxona tashkil etib, kartoshka, piyoz va turli poliz ekinlari yetishtiradi. Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilish uchun 1 gektar yerga qovun ekilgan.
Oila daromadini oshirish maqsadida, dala chetlariga 1000 tup oq terak va 500 tup qora tol ekilgan bo‘lib, bu daraxtlar ham oilaga yaxshi daromad keltiradi.
Amangul opaning 30 quti asalarilari ham bor. U erta tongdan boshlab oila a’zolari bilan birgalikda mehnat qilib, 15 kishiga doimiy ish o‘rni yaratgan. Mavsumda esa qo‘shimcha 10-15 kishini ish bilan ta’minlaydi. «Diana Mardana» fermer xo‘jaligi – bu mehnatkashlik, oilaviy qadriyatlar va muvaffaqiyatning yorqin namunasidir.
