«Chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish istiqbollari, erishilgan yutuqlar va dolzarb masalalarning yechimlari» mavzusida seminar o‘tkazildi
Bugungi kunda chorvachilik tarmog‘ini jadal sur’atlar bilan rivojlantirish, xalqimizni arzon va sifatli go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi fuqarolarning ish bilan ta’minlanishi va daromadlarini ko‘paytirish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 30-yanvardagi «Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-15-son farmoni hamda «Chorvachilik va parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash, sohada yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-34-son qarori bu yo‘nalishda muhim qadamlar hisoblanadi.
Joriy yilning 15-may kuni PF-15-sonli farmon va PQ-34-sonli qarorda belgilangan vazifalarning bajarilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi majlislar zalida seminar o‘tkazildi.
Seminarga O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Boboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Koziyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari K.Pirnazarov, Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Seytaxov, tijorat banklari rahbarlari, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi boshliqlari hamda chorvador fermerlar qatnashdi.
Seminar davomida chorvachilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy masalalar, yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, chorvachilikda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, veterinariya xizmatlarini takomillashtirish kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Ushbu seminar chorvachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish, sohaning rivojlanishiga xizmat qiladigan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishga turtki beradi.