Amudaryoda g‘o‘za maydonlarini sug‘orish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi

Amudaryo tumani To‘lqin ovul fuqorolar yig’inidagi “Xidirov Samad” fermer xo‘jaligi paxta dalasida g‘o‘za maydonlarida birinchi sug‘orish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev, tuman hokimi S.Xo‘jametov, ilg‘or fermerlar, agronomlar, suv xo‘jaligi mutaxassislari va soha vakillari ishtirok etdilar.

Seminarda suv resurslaridan samarali foydalanish, birinchi sug‘orishni agrotexnik talablarga muvofiq tashkil etish, hosildorlikni oshirish va suvni tejash texnologiyalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Sh.Teshayev suv resurslaridan oqilona foydalanish, dalalarni sug‘orishda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash va fermerlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Paxtaning qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati, sug‘orishning hosildorlikka ta’siri, o‘z vaqtida sug‘orishning afzalliklari va noto‘g‘riq sug‘orishning salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi.

S.Xo‘jametov sug‘orishni rejalashtirishda tizimli yondashuv muhimligini ta’kidlab, suv sarfi va hosildorlik o‘rtasida muvozanatni ta’minlashga qaratilgan choralarni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Seminar davomida “Xidirov Samad” fermer xo‘jaligida amaliy ko‘rgazma o‘tkazilib, ishtirokchilar birinchi sug‘orish ishlarining tashkil etilishi bilan tanishdilar. Mutaxassislar tomchilatib sug‘orish, yerning meliorativ holatini saqlash va suvni tejash bo‘yicha tavsiyalar berishdi.

Bu kabi seminarlar paxta yetishtirishda zamonaviy yondashuvni kengaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligida barqaror natijalarga erishishda muhim ahamiyatga ega.