Bugun Beruniy tumanida shu yilgi bug‘doy o‘rimiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, mo‘l hosil yetishtirishda olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar uchun o‘z minnatdorchiligini va bug‘doydan yuqori xirmon yaratilishiga tilakdoshligini bildirdi

Seminarda Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, barcha tuman hokimlari, soha mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida oqsoqollar tomonidan dehqonlarimizning oldida turgan mashaqqatli va mas’uliyatli ishlarida kuch-quvvat, yurtimizda farovonlik, dasturxonimiz to‘kin bo‘lishini tilab, Qur’on tilovat qilindi.

Seminarda davom etadigan o‘rim-yig‘im mavsumida amalga oshiriladigan ishlar keng tushuntirildi.

Ta’kidlash joizki, bu yil dehqon va fermerlarimiz uchun «G‘alla yili» bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki, ko‘p yillik tajribadan ma’lumki, bahor oylarida yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lishi hamda g‘alla o‘sib rivojlanishi uchun ob-havoning qulay kelishi – hosilning mo‘l bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yetishtirilgan bug‘doyni qisqa muddatlarda uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olish bo‘yicha talab etiladigan mablag‘larning hisob-kitoblari ishlab chiqilgan. O‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida guruhlar tuzilib, ularga maxsus mashina-mexanizmlar, texnika va agregatlar biriktirildi. Yoqilg‘i-moylash materiallari zaxirasi yaratildi.