Xalqaro eksport standartlari bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi majlislar zalida, joriy yilning 9-iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Turkcert Belgelendirme Hizmetleri sertifikatlashtirish organi va “Smart-TRC International Consulting Services” konsalting tashkiloti hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasida mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish va xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlash, xalqaro sertifikatlar olish tartibi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar-treningning asosiy maqsadi – mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlash jarayonlari, eksport imkoniyatlari va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish yo‘llarini tushuntirishdir.
Seminarda 2025-yilda xalqaro standart talablarini joriy etish istagini bildirgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasidagi tashabbuskor korxonalar vakillari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining tuman bo‘limlari xodimlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar olish tartibi, eksport jarayonidagi talablar va konsalting xizmatlarining afzalliklari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bunday seminarlar nafaqat eksport salohiyatini oshirishga, balki mahalliy korxonalarni global raqobatga tayyorlashga xizmat qiladi.