Qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar – mintaqa taraqqiyotining muhim omili

Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, ushbu sohani modernizatsiya qilish, uni diversifikatsiyalash, sohaga investitsiyalarni keng jalb etish va foyda olishni ko‘zlagan tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, mavjud imkoniyat va muammolarni o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari Inomjon Qurbonov boshchiligidagi ishchi guruh Taxtako‘pir tumanida bo‘ldi.

Taxtako‘pirda ayniqsa ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etgan tadbirkorlar faoliyati e’tiborga loyiqdir. Jumladan, «Qoraoy» qishloq fuqoralar yig’ini hududida joylashgan «KAUSAR TEGIRMON» MCHJ tomonidan umumiy qiymati 32 milliard so‘mlik chorvachilikni rivojlantirish va sutni qayta ishlashga doir yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Hozirda korxona chorvachilik majmuasida 120 bosh naslli qoramol parvarish qilinmoqda. Shu bilan birga, sutni qayta ishlash loyihasi ham ishga tushirilgan bo‘lib, 7 nafar fuqaroning doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, ushbu jamiyat tomonidan qiymati 878 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan “Junni qayta ishlash” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash joizki, bu loyiha mazkur yo‘nalishdagi dastlabki sanoat tashabbuslaridan biri bo‘lib, kelgusida mahalliy aholi bandligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tadbirkor, shuningdek, don va don mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy yirik zavod qurishni ham rejalashtirgan. Ayni paytda zavod uchun xorijdan keltirilgan ilg‘or texnologiyalarni o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan.
Ishchi guruh safar davomida «Taxtako‘pir non mahsulotlari» MCHJ faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Bu yerda kuzgacha urug‘lik bug‘doyni tozalash, saralash va dorilash jarayonlari yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur loyiha uchun «Biznesni rivojlantirish banki» tomonidan 108,7 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar hisobiga Turkiya texnologiyalari asosida zamonaviy liniyalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Tashrif davomida Inomjon Qurbonov va mutasaddi xodimlar tadbirkorlar bilan suhbatlashib, ularning faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganib chiqdi va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni belgilab oldi.

Qishloq xo‘jaligida bunday loyihalarning ko‘payishi hududlar iqtisodiyotining rivojiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga va oziq-ovqat xavfsizligining mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.