Shumanay tumanida chorvachilik va tuyachilik yo‘nalishida media-tur tashkil etildi

Shumanay tumani hokimligi tomonidan tumandagi chorvachilik va tuyachilik faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida media-tur tashkil etildi.

Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, soha mutaxassislari va mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.

Media-tur davomida ishtirokchilar nasilli chorva boqish, ularni oziqlantirish sharoitlari, yetishtirilayotgan mahsulotlar va ularni bozorga yetkazib berish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, chorva uchun oziqlik tayyorlash, naslchilikni yaxshilash va chorvalar salomatligini nazorat qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Media-turning dastlabki manzili «Qarabayli» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Sulton barakali chorva» fermer xo‘jaligi bo‘lib, bu yerda 2020-yilda Avstriyadan 27 bosh «Simmental» zotli qoramollar olib kelingan. Hozirda xo‘jalikda 55 bosh yirik shoxli qoramol boqilmoqda. Chorva mollari uchun zarur ozuqa ekinlari – beda, makkajo‘xori, jo‘xori, qand lavlagi va poliz mahsulotlari 24,5 gektar maydonda yetishtirilmoqda.

Keyingi manzil – «Begjapli Beksulton» fermer xo‘jaligida esa 2021-yilda Germaniyadan 63 bosh «Golshtin» zotli yirik shoxli qoramollar olib kelingan bo‘lib, hozirgi vaqtda 74 bosh zotli yirik shoxli qoramollar mavjud. Ushbu xo‘jalik kuniga o‘rtacha 18 litr sut ishlab chiqarib, har oyda 10 tonnaga yaqin sut mahsulotlarini tuman va Nukus shahri bozorlariga yetkazib bermoqda.

Media-tur doirasida jurnalistlar «Mamiy» ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi To‘raxon Moldag‘aliyevning xonadoniga ham tashrif buyurdi. U oila a’zolari bilan birgalikda 10 bosh tuya, shu jumladan 6 bosh sog‘in tuyani parvarishlamoqda. Tuyalardan olinadigan sut yuqori sifatli bo‘lib, sog‘lomlashtiruvchi xususiyatlari bilan aholi e’tiborini tortmoqda. Bu faoliyat nafaqat oilaning daromad manbai, balki tuyachilikni rivojlantirishda namunaviy tajriba sifatida xizmat qilmoqda.

Mazkur media-tur chorvachilik va tuyachilik sohalarida erishilayotgan natijalarni jamoatchilikka yetkazish, tajriba almashish va sohadagi shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.