Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi sohasida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida mintaqaviy darajadagi amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 150 dan ortiq tadbirkor va fermer xo‘jaligi vakillari ishtirok etdi.

Seminarda ishtirokchilar xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida imtiyozli kreditlar olish tartibi, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha to‘liq ma’lumot oldilar.

Seminarda quyidagi mutaxassislar ishtirok etib, soha bo‘yicha muhim ma’ruzalar va tushuntirishlar berdilar:

Qudratilla Inogamov – Jahon bankining «Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha mutaxassis, Dilbarxon Siddiqova – loyiha doirasida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis, Shohida Hasanova – Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) loyihasi doirasida gender masalalari bo‘yicha mutaxassis sifatida ishtirok etdilar.

Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni bevosita mutaxassislarga yo‘llab, amaliy javoblar va tavsiyalar oldilar. Ochiq fikr almashish va interaktiv tarzda o‘tkazilgan seminar haqiqiy ehtiyoj va muammolarga yechim topishga qaratildi.

📊 Ma’lumot uchun: hozirgacha Qoraqalpog‘istonda 400 dan ortiq loyiha xalqaro moliyalashtirish asosida qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, bu orqali 38 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan va 2000 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan.

➡️ Bunday seminarlar butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan subyektlarga zarur ma’lumot, moliyaviy va tashkiliy yordamni taqdim etish maqsadini ko‘zlaydi.