Beruniy tumani “Abay” ovul fuqoralar yig’ini hududidagi “Niyatulla Azizbek” fermer xo‘jaligi dalalarida g‘o‘za parvarishining muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan chilpish (chekanka) tadbirlarini sifatli tashkil etish yuzasidan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev ishtirok etdi.

Seminar davomida yetakchi agronomlar va tajribali fermerlar tomonidan g‘o‘zaning vegetatsiya davrida o‘tkaziladigan chilpish ishlarining agrotexnik asoslari, bu jarayonning hosildorlikka bevosita ta’siri, shuningdek, mahalliy sharoitda eng samarali usullar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Mazkur seminar nafaqat tajriba almashish maydoniga, balki hududdagi boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ham ilg‘or uslublarni o‘rganish imkoniyatiga aylandi. Shuxrat Teshayev o‘z chiqishida fermerlarning fidokorona mehnatini yuqori baholadi va qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish uchun bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi zarurligini ta’kidladi.