«To‘rtko‘l paxta tolasi» klasterida g‘o‘zani chekanka qilish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
🇺🇿 Bugun Turtko‘l tumanining «Ullubog‘» OFY hududida joylashgan «To‘rtko‘l paxta tolasi» MChJ g‘allachilik klasteri yer maydonida g‘o‘zani chekanka qilish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari-Qishloq xo‘jaligi vaziri Sh. Teshayev, tuman hokimining qishloq va suv xo’jaligi masalalari bo’yicha o’inbosari J.Xudaybergenov tegishli tashkilot mas’ullari va tumandagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.
Seminarning asosiy maqsadi — fermerlarga g‘o‘za parvarishida eng muhim agrotexnik tadbirlardan biri bo‘lgan chekanka jarayonini nazariy va amaliy jihatdan yanada chuqurroq tushuntirish, zamonaviy usullar va ilg‘or tajribalarni o‘rgatishdan iborat bo‘ldi. Mas`ullar chekankaning g‘o‘za hosildorligiga ta’siri, uni to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazishning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Ko‘rgazmali seminar davomida fermerlar chekanka jarayonini bevosita dala sharoitida kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Agronomlar va tajribali mutaxassislar chekankani amalga oshirishning turli usullari, to‘g‘ri balandlikni tanlash, o‘simlikni shikastlamaslik va boshqa muhim jihatlar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni namoyish etishdi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va o‘zaro tajriba almashishdi.
Bunday seminarlar qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish va fermerlarning bilim salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. «To‘rtko‘l paxta tolasi» klasterining ushbu tashabbusi tuman paxtachiligi rivojiga hissa qo‘shib, kelgusida yuqori hosil olish uchun mustahkam zamin yaratadi.
—-