G’o‘za qator oralarini sug‘orish bo‘yicha seminar tashkil etildi
Nukus tumani «Arbashi» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi «Nukus agro» mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Taxtako‘pir tumani «O‘zbekiston» makon fuqarolar yig‘ini hududidagi «Pishenlik-taxta» fermer xo‘jaligida g‘o‘za qator oralarini sug‘orish texnologiyalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev rahbarligida o‘tkazildi. Tadbirda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, suv xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, agrotexnika bo‘yicha mas’ullar hamda boshqa tegishli tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga g‘o‘za qator oralarini sifatli va tejamkor usullar bilan sug‘orish, suvdan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish borasidagi ilg‘or tajribalar namoyish qilindi. Shuningdek, seminar ishtirokchilari o‘zaro tajriba almashdi, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Mazkur seminar qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish, hosildorlikni oshirish hamda agrotexnik tadbirlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.