Qovun-tarvuzdan mo‘l hosil

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Nukus tumani hokimligi matbuot xizmatlarining hamkorlikda o‘tkazgan press-turining keyingi manzili «Qudekov Jadiger» MCHJda bo‘lib o‘tdi. Bu xo‘jalik Nukus tumanida qovun va tarvuz yetishtirish bo‘yicha ilg‘orlardan biri hisoblanadi.

«Qudekov Jadiger» MCHJ joriy yilda 10 gektar maydonda qovun va tarvuz yetishtirib, yuqori hosildorlikka erishdi. Fermerlar bozorda o‘z mahsulotlari bilan birinchilardan bo‘lib paydo bo‘ldi. Ularning mehnati natijasida hosilning 100 tonnasi Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilindi. Bu nafaqat xo‘jalikning, balki butun Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan hissasi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hozirgi paytda dalalarda hosil yig‘im-terimi qizg‘in davom etmoqda.

Xo‘jalik faqat qovun va tarvuz bilan cheklanib qolmagan. Ular, shuningdek, 13 gektar maydonda olma va nok, 7 gektarda uzum ko‘chatlarini parvarishlamoqda. Bu mevalar har yili Qozog‘iston va Rossiyaga eksport qilinadi.

Bu esa ularning sifati va xalqaro bozorda raqobatbardoshligini ko‘rsatadi.

Ushbu press-tur davomida jurnalistlar «Qudekov Jadiger» MCHJning muvaffaqiyat sirlari bilan yaqindan tanishdi. Fermerlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi va kelajakdagi rejalarini bayon qildi. Bunday tadbirlar qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni keng yoyish va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.