G‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekish ishlari olib borilmoqda.

Nukus tumani «Darsan» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Rametulla» fermer xo‘jaligida g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga kuzgi kartoshka ekish ishlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Teshayev, Nukus tumani hokimi Z.Zaytov, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agrar sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari ishtirok etdi.

Seminar doirasida ishtirokchilar kartoshka ekish jarayonlari, unga tayyorgarlik ishlari, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek, hosildorlikni oshirish bo‘yicha amaliy takliflar bilan tanishdi.

Shu bilan birga qishloq xo‘jaligi ekinlarini zararkunandalarga qarshi kurashishda biolaboratoriya xizmatlaridan foydalanishning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Tadbir davomida kartoshka ekish ishlarini o‘z vaqtida, tez va sifatli amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi hamda mutasaddi tashkilotlar va fermerlarga zarur ko‘rsatmalar berildi.

Bunday amaliy seminarlar qishloq xo‘jaligidagi faoliyat samaradorligini oshirish, fermerlar malakasini yanada yuksaltiradi.