Qoraqalpog‘istonda meva va uzumchilik rivojlanmoqda: OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamkorligida meva va uzum yetishtiruvchi fermerlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida OAV ishtirokida Amudaryo va Ellikqala tumanlariga press-tur tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Amudaryo tumani Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘inidagi «Amu anorlari» MChJ tomonidan tashkil qilingan 8 gektar anor bog‘i, «Mang‘it omad savdo» MChJ tomonidan 12 gektar maydonda tashkil qilingan uzum bog‘lari hamda «Amu to‘lqin balig‘i» MChJ tomonidan tashkil qilingan 10 gektar olma va 6 gektar o‘rik bog‘lari bilan tanishtirildi.
Amudaryo tumanida bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi 61 ta qishloq xo‘jaligi korxonalari mavjud bo‘lib, ularda jami 1046 gektar maydonda mevali bog‘lar mavjud. Shundan 641 gektari hosilli bog‘lar, 405 gektari yangi bog‘lardir.
Joriy yil bahor mavsumida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan jami 76 gektar maydonda intensiv bog‘ tashkil qilindi. Tumanda bog‘dorchilik sohasiga qiziquvchilar kundan kunga ko‘payib bormoqda. Yoshlar agentligi va tuman Agrosanoatni rivojlantirish agentligi mutaxassislari tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan tashkil qilingan bog‘larda ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan.