Taxiatoshda meva va uzum bog‘lari OAV e’tiborini tortdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati va Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamkorligida meva va uzum yetishtiruvchi fermerlar faoliyatini keng tanishtirish maqsadida OAV vakillari uchun Taxiatosh tumaniga press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida jurnalistlar Taxiatosh tumanidagi ilg‘or fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, Keneges ovul fuqarolar yig‘inidagi «To‘reyev Sultonmurod biy» fermer xo‘jaligining 1 gektar uzumzori va 7 gektar maydondagi olma, shaftoli, nok, o‘rik bog‘lari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, Avezniyazov Qurbonboy fermer xo‘jaligining 10 gektar maydondagi olma, o‘rik, shaftoli bog‘lari hamda «Jaloyir» fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan 8,5 gektar maydondagi olma va shaftoli bog‘lari ham ko‘rsatib o‘tildi.
Ta’kidlash joizki, Taxiatosh tumanida bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 55 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi mavjud bo‘lib, ularda jami 218 gektar mevali bog‘lar hamda 10 gektardan ortiq uzumzorlar barpo etilgan.
Press-tur ishtirokchilari fermerlar bilan suhbatlashib, ularning muammolari va yutuqlari bilan qiziqdi. Meva va uzum yetishtirish sohasidagi yangiliklar, texnologiyalar va istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Ushbu tadbir Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, xususan, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi. OAV vakillari orqali fermerlarning tajribasini ommalashtirish, sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.