Nukus tumanida defoliatsiya tadbirlarini sifatli tashkil etish masalalariga bag’ishlangan seminar o’tkazildi
Nukus tumanining “Arbashi” OFY hududida joylashgan “Nukus Agro” MChJ dalalarida g‘o‘za ekinlarida defoliatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan amaliy-ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh. Teshayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshlig’i R. Sherbaev, tegishli tashkilotlar rahbarlari hamda dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdilar.
Seminar davomida defoliatsiya tadbirlarining hosildorlikka ta’siri, ularni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishning dolzarbligi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Mutaxassislar tomonidan zamonaviy agrotexnologiyalar, samarali kimyoviy vositalardan foydalanish va ularni qo‘llash tartiblari bo‘yicha tushuntirishlar taqdim etildi.
Shuningdek, dala sharoitida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, fermerlarga defoliantlarning turli turlari, qo‘llash me’yorlari va xavfsizlik talablariga oid ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir doirasida yig‘im-terimni o‘z vaqtida tashkil etish, paxtaning sifatini ta’minlash hamda kelgusi yil ekin maydonlarini tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar va tajriba almashdilar.