Fermerlarga zamonaviy paxta terish kombaynlari topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida paxtachilikni rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam qo‘yildi.

2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududlarning qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, hududlar kesimida yetkazib berishning prognoz ko‘rsatkichlari asosida 60 dona zamonaviy paxta terish kombaynlari fermer xo‘jaliklariga lizing asosida berildi. Ushbu kombaynlar Turkiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ilg‘or texnologiyalari bilan ajralib turadi.

Kombaynlarni topshirish marosimi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi A.Jumanazarov tomonidan o‘tkazildi. Bu tadbir nafaqat fermerlar, balki butun Qoraqalpog‘iston aholisi uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bu voqea mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan fermerlarga o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi.

Yangi kombaynlar paxta terish jarayonini ancha tezlashtiradi va yengillashtiradi, hosil sifatini oshiradi va qo’l mehnati sarfini kamaytiradi. Bu esa, o‘z navbatida, fermerlar daromadini oshirishga va Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi.