Qoraqalpog‘iston Dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida press-tur o‘tkazildi

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Chimboy tumanida joylashgan Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutiga press-tur tashkil etildi.

1958-yilda tashkil etilgan mazkur ilmiy maskan Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligida muhim o‘rin tutadi. Institut seleksiya yutuqlarini keng sinovdan o‘tkazish, yangi navlarni yaratish va ularning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, shuningdek, hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos resurstejamkor agrotexnologiyalar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, yetakchi xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, grantlar jalb etish, tajriba va axborot almashishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Institut tasarrufida jami 1022,01 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 593,03 gektari sug‘oriladigan maydon hisoblanadi. 2024-yil hosili uchun tajriba xo‘jaligi ish rejasiga ko‘ra, paxta, bug‘doy, beda, kunjut, mosh, bir yillik o‘tlar hamda ilmiy dala tajribalari uchun ekinlar joylashtirilgan.

So‘nggi yillarda institut olimlari tomonidan yaratilgan g‘o‘zaning 2 ta, bug‘doyning 2 ta, kungaboqarning 4 ta, sudan o‘tining 2 ta, bedaning 1 ta yangi navlari Davlat reestriga kiritildi va ishlab chiqarishga joriy etildi. Jumladan, “Chimboy-5018” va “KK-3535” kabi istiqbolli paxta navlari keng maydonlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, “Shimbay”, “Aral” kabi bug‘doy navlari ham yuqori hosildorligi bilan e’tirof etilib, urug‘chilik xo‘jaliklariga taqdim etildi.

Institutda yaratilgan ilmiy natijalar nafaqat seleksiya yo‘nalishida, balki yem-xashak ekinlari bo‘yicha ham amaliy samara bermoqda. So‘nggi yillarda tijoratlashtirilgan loyihalardan qo‘shimcha mablag‘lar ishlab topilib, institut rivojiga yo‘naltirilmoqda.