Beruniylik fermer anorchilikdan millionlab daromad qilmoqda
Beruniy tumani “Jumaniyazov” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Jumaniyazov 67” fermer xo‘jaligi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan bo‘lib, umumiy 8,7 gektar yer maydoniga ega. Shundan 4 gektariga o‘rik, 3 gektariga olma va 1,5 gektariga anor ekilgan.
Fermer xo‘jaligi rahbari Rustam Xajiboevning ta’kidlashicha, xo‘jalikda asosan anorning 6 xil turi yetishtirilmoqda. Har bir gektardan 25–30 tonnagacha hosil olinmoqda. Bu esa xo‘jalikka yiliga 450–500 million so‘m daromad keltirmoqda. Rustam Xajiboevning aytishicha, atigi 200 tup anor ekish orqali bir oilani bemalol ta’minlash mumkin.
Fermer xo‘jaligi bugungi kunda 10 nafar doimiy ishchi o‘rnini yaratgan. Shuningdek, anor terimi va uni ko‘mish mavsumida kuniga 20–30 nafar yoshlar vaqtinchalik ish bilan ta’minlanmoqda.
Rustam Xajiboevning qayd etishicha, yetishtirilayotgan sifatli anorlar Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlaridan kelib, ko‘tarasiga olib ketilmoqda.