Ibrohim Abdurahmonov: Yoshlar salohiyati – qishloq xo‘jaligi taraqqiyotining kafolati

🌱Ayni kunlarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar barcha hududlarda keng ko‘lamda davom etmoqda. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning hududlarga uyushtirilayotgan ishchi tashriflari esa ushbu jarayonlarning samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

🏢Shu maqsadda vazir bugun ishchi tashrif bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yetib keldi. Tashrif dasturidan o‘rin olgan birinchi manzil – Xo‘jayli tumanidagi Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi bo‘ldi.

👥Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov hamrohligida markazda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, bugungi kunda yosh avlodga qaratilgan e’tiborni alohida qayd etdi.

✅Markazda yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va bilimlarini amaliy hayotga tatbiq etish uchun zarur imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, bu yerda zamonaviy o‘quv xonalari, startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturlari, turli mahorat darslari va treninglar yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik.

🗣Ibrohim Abdurahmonov suhbat chog‘ida qishloq xo‘jaligidagi yutuqlar barqaror rivojlanish uchun yoshlar salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shu bois, yoshlar uchun qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish, ularning innovatsion g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga keng imkoniyat yaratish maqsad qilingan.

✅Shu tariqa, vazirning Qoraqalpog‘istonga tashrifi nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini ko‘zdan kechirish, balki yoshlarning yangi tashabbuslari va imkoniyatlari uchun ham katta rag‘bat bo‘lib xizmat qilmoqda.