Qoraqolpog‘istonda Germaniya delegatsiyasi bilan agrar sohada hamkorlik masalalari muhokama qilindi

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan Qoraqolpog‘istonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, xorijiy davlatlar bilan agrar sohada tajriba va innovatsiyalar almashinuvi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan, Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo’jaligi masalalari bo’yicha o‘rinbosari,Qoraqolpog‘iston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vaziri Shuhrat Teshayev Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagining Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Xermann Ferber boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qo‘mita kotibiyati mudiri Vinfrid Xols, Bundestag deputatlari Kristof Frauyenprays, Shteffen Yanix va Ina Latendorf ham ishtirok etdilar.

Muloqot davomida Qoraqolpog‘istonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi. Jumladan, fermer xo‘jaliklari va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, sohani raqamlashtirish, ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish va lazerli tekislash kabi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, organik mahsulotlarni sertifikatlash hamda bu yo‘nalishdagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama etildi. Qoraqolpog‘iston Respublikasining iqlim sharoiti, dehqonchilikdagi yutuqlari, Germaniyaning agrar sohasidagi ilg‘or tajribalari va agroinnovatsiyalar bo‘yicha yechimlar tahlil qilindi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur uchrashuv Qoraqolpog‘iston va Germaniya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Uchrashuv yakunida tomonlar agrar sohada qo‘shma loyihalar amalga oshirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va tajriba almashishni davom ettirishga kelishib oldilar.