QORAQALPOG‘ISTON DEHKONCHILIK ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI FAOLIYATI BO‘YICHA BRIFING

Bugungi brifingda sizlarga Qoraqalpog‘iston dehkonchilik ilmiy-tadqiqot institutining faoliyati, ilmiy yutuqlari, xalqaro hamkorliklari hamda istiqboldagi vazifalari haqida qisqacha ma’lumot bermoqchiman.

Institut haqida umumiy ma’lumot

Qoraqalpog‘iston dehkonchilik ilmiy-tadqiqot instituti 1958-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Chimboy tumanida joylashgan. Institutga hozirda Turdishev Bekmurat Xojamuratovich rahbarlik qilmoqda.

Asosiy faoliyat yo‘nalishlari

Institutning ilmiy ishlari seleksiya va urug‘chilik sohalariga qaratilgan. Asosiy maqsad – qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi, yuqori hosildor va qurg‘oqchilikka chidamli navlarini yaratish, ularni birlamchi urug‘chiligini tashkil etish va resurstejamkor agrotexnologiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Yer maydoni va tajriba xo‘jaligi faoliyati

Institut tajriba xo‘jaligining umumiy yer maydoni 1022 gektarni tashkil etadi. Shundan 593 gektar sug‘oriladigan yer maydonidir. 2024-yil hosili uchun 60 gektar urug‘lik paxta, 10 gektar bug‘doy, 20 gektar kunjut, 20 gektar mosh va boshqa ekinlar ekilgan.

Ilmiy salohiyat

Hozirgi kunda institutda 51 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ularning 19 nafari ilmiy xodim bo‘lib, 2 nafari fan doktori va 7 nafari fan nomzodi hisoblanadi. Ilmiy salohiyat 57,8 foizni tashkil etadi.

2020–2024-yillardagi yutuqlar

So‘nggi yillarda institut olimlari tomonidan yaratilgan g‘o‘za, bug‘doy, kungaboqar, beda va sudan o‘tining 11 ta yangi navi O‘zbekiston Respublikasi Davlat reestriga kiritilib, rayonlashtirilgan.

Paxtachilik yo‘nalishida “Chimboy-5018” va “KK-3535” navlari istiqbolli deb topilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida keng ekilmoqda.

G‘allachilikda “Shimbay” va “Aral” yumshoq bug‘doy navlari muvaffaqiyatli sinovlardan o‘tib, yuqori hosil ko‘rsatkichlarini namoyon qilgan.

Moyli ekinlar bo‘yicha kungaboqarning “KK-28”, “KK-52”, “KK-60” va “KK-50” navlari davlat reestriga kiritilgan.

Yem-xashak ekinlaridan “Karakalpakskaya-15”, “Chimbayskaya-yubileynaya” va “Chimbayskaya-8” navlari sug‘oriladigan hududlarda ekish uchun tavsiya etilgan.

Institut tomonidan 2023-yilda yaratilgan yangi navlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan patent talabnomalari olindi. Shu jumladan, “KK-3545”, “Chimboy” va “Aral” navlari bo‘yicha.

Xalqaro hamkorlik

Institut “International Center for Biosaline Agriculture” (ICBA), FAO, ICARDA va CIMMYT (Meksika) kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Shuningdek, Rossiya va Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi ilmiy muassasalari bilan memorandumlar imzolangan. Ushbu hamkorliklar doirasida tajriba almashinuvi, yangi nav namunalarini sinovdan o‘tkazish hamda yosh olimlar uchun stajirovkalar tashkil etilmoqda.

Muammolar

Institutda mavjud asosiy muammolar quyidagilardan iborat:

– moddiy-texnik bazaning eskirganligi;

– laboratoriya uskunalarining yetishmasligi;

– xorijiy tillarni biladigan iqtidorli yosh kadrlar tanqisligi.

Kelgusi vazifalar

Kelgusi yillarda institut quyidagi yo‘nalishlarda ish olib boradi:

– seleksiya yutuqlarini keng sinovlardan o‘tkazish va yangi navlarning urug‘chiligini rivojlantirish;

– agrotexnologiyalarni klaster va fermer xo‘jaliklariga joriy etish;

– urug‘liklarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash tizimini yaxshilash;

– seleksiya va urug‘chilik bo‘g‘inlari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

– tuproq unumdorligini oshiruvchi qisqa rotatsiyali almashlab ekish tizimini ishlab chiqish.

Xulosa

Qoraqalpog‘iston dehkonchilik ilmiy-tadqiqot instituti mamlakatimiz agrar sohasida muhim o‘rin tutuvchi ilmiy maskanlardan biridir. Institut olimlari tomonidan yaratilayotgan yangi ekin navlari, ularning urug‘chiligini rivojlantirish hamda xalqaro tajriba almashinuvi Qoraqalpog‘iston va butun O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini yanada barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.