Tomorqadan foydalanishda Beruniy tajribasi – Biybozor mahallasida samaradorlik va mehnatsevarlik namunasiga aylangan tajriba
Kuz fasli qishloq joylarida eng sermehnat, eng barakatli davrlardan biridir. Aynan shu paytda tomorqalarda yetishtirilgan sabzavot va poliz ekinlarini yig‘ib-terish, qishga saqlash ishlari avjiga chiqadi. Beruniyliklar bu borada o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lib, yerdan unumli foydalanish, mavsum davomida 2-3 marotaba hosil olish orqali barqaror daromad topish sirlarini puxta o‘zlashtirgan.
Bu borada Biybozor ovul fuqarolar yig‘ini aholisi namunali faoliyat ko‘rsatmoqda. Mahalladagi har bir tomorqa egasi o‘z yeridan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda yetishtirilgan mahsulotni ichki bozorda sotish orqali oilaviy daromadni ko‘paytirishga e’tibor qaratmoqda.
Xususan, Biybozor mahallasida yashovchi Qurol Bekmuratov o‘zining 16 sotixli tomorqasidan samarali foydalanmoqda. U 1 sotix issiqxonada bodring va turli ko‘katlar ekib, yil davomida qo‘shimcha daromad olayotgan bo‘lsa, tomorqasida yetishtirilgan mahsulotlarni mahalliy bozorlarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan.
Mahallada shunday tashabbuskor insonlar soni ortib borayotgani quvonarli hol. Ular bir tomondan o‘z oilasi farovonligini ta’minlayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan mahalla iqtisodiy hayotiga ham sezilarli hissa qo‘shmoqda.
