To‘rtko‘l tumanida PQ-465 qarori ijrosi yuzasidan amaliy seminar tashkil etildi

To‘rtko‘l tumani “Qo‘shnazar Paxtakor” fermer xo‘jaligi hududida Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi PQ-465-sonli qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan seminar o‘tkazildi.

Uchrashuvda mutasaddi tashkilotlar vakillari, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi xodimlari, qishloq xo‘jaligi sohasining malakali mutaxassislari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida tumanda mavjud yer resurslaridan oqilona foydalanish, dala chetidagi bo‘sh maydonlarni o‘zlashtirish, kollektor-drenaj tarmoqlari atroflaridan samarali foydalanish hamda eksportbop bo‘lgan mahsulotlar ekish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. Shuningdek, tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, aholining o‘zini oziq-ovqat bilan ta’minlashni kuchaytirish hamda qo‘shimcha hosil olish masalalari muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilarga amaliy yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatlar berilib, qaror ijrosini tizimli amalga oshirish yuzasidan tuman kesimida aniq vazifalar belgilab olindi.