Ellikqal’a tumanida Prezident qaror ijrosi doirasida amaliy seminar o‘tkazildi

Ellikqal’a tumani “Aqchako‘lchi Reyimbergan” fermer xo‘jaligi hududida Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi PQ-465-sonli qarorida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratilgan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Sh. Teshayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi boshlig’i R. Sherbaev, sohaga ixtisoslashgan mutaxassislar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.



Seminar davomida tumanda mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish, dala chetlari hisobiga qo‘shimcha maydonlarni o‘zlashtirish, kollektor-drenaj tarmoqlari atroflaridan samarali foydalanish, eksportga yo‘naltirilgan ekin turlarini joylashtirish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan agrotexnik tadbirlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, tomorqa yerlaridan oqilona foydalanish, aholining o‘zini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni kuchaytirish, bo‘sh maydonlarda qo‘shimcha hosil olish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar berilib, qarorda nazarda tutilgan vazifalarni tumanda bosqichma-bosqich va tizimli amalga oshirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
