Kuzgi shudgorlash — kelgusi mo‘l hosilning poydevori

Amudaryo tumani Oq oltin ovulida joylashgan “Yakubova Gavhar” fermer xo‘jaligida bugun qishloq xo‘jaligi sohasi uchun muhim sanalgan kuzgi shudgorlash bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anvar Jumanazarov, Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, janubiy tumanlar hokimlari, respublika miqyosidagi mutasaddilar, ilg‘or fermerlar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Seminarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov ochib berar ekan, u joriy yilgi paxta hosilini ortig‘i bilan bajarishda jonbozlik ko‘rsatgan barcha mehnatkash dehqon va fermerlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi. U o‘z nutqida yer — bu bebaho ne’mat ekanligini, uni o‘z vaqtida shudgorlab, to‘g‘ri parvarishlansa, yuqori hosildorlik garovi ekaligini alohida ta’kidladi. Farhod Ermonov kuzgi shudgorlash jarayonlarini sifatli tashkil etish, yerlarni bahorgi ekinlarga tayyorlash, suv va texnik resurslardan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi.

Tadbir davomida Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev so‘zga chiqib, kuzgi shudgorlash ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, agrotexnik talablarni qat’iy rioya qilgan holda bajarishning ahamiyatiga to‘xtaldi.