Bog‘ qator oralari maydonlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi
Nukus tumani «Taqirko‘l» ovul fuqarolar yig‘inidagi “Diyana Mardona” fermer xo‘jaligida bog‘ qator oralari maydonlariga agrotexnik ishlov berish va bog‘ maydonlaridan samarali foydalanish jarayonlarini tizimli tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi seminar o‘tkazildi.
Seminarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, mavjud imkoniyatlar hamda hosildorlikni oshirishga xizmat qiluvchi ilg‘or tajribalar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mutaxassislar tomonidan bog‘ qator oralari bo‘sh maydonlaridan unumli foydalanish orqali boshoqli ekinlar yetishtirish bo‘yicha metodik ko‘rsatmalar, agrotexnik parvarishlash talablari, o‘g‘itlash me’yorlari hamda suv resurslaridan tejamkor foydalanishning zamonaviy usullari haqida tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur yondashuv hosildorlikni oshirish, ekin turlarini diversifikatsiya qilish hamda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, seminar davomida bog‘larda uchrashi mumkin bo‘lgan kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Mutaxassislar ularning rivojlanish sharoitlari, oldini olish choralarini to‘g‘ri tashkil etish hamda biologik va kimyoviy himoya vositalaridan foydalanish tartibini tushuntirib o‘tdilar.
Zararkunandalarga qarshi kurashishda aldamchi belbog‘lardan foydalanish samarali usul ekani, shuningdek, fitosanitar xavfsizlik talablariga rioya etish, profilaktik ishlov berish va muntazam monitoring olib borishning ahamiyati alohida qayd etildi.
