🌿 Yerni e’zozlagan el — baraka topadi

Kegeyli tumani «Obat» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi «Kegeyli Oq Oltin Agro Klaster» MCHJ ekin maydonlarida qishloq xo‘jaligi sohasi uchun muhim bo‘lgan kuzgi shudgorlash mavzusiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali-amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, Jo‘qorg‘i Kengesning Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anvar Jumanazarov, Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, shuningdek, Nukus, Kegeyli, Bo‘zatov, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari hokimlari, soha mutasaddilari, ilg‘or fermerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarga start berar ekan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov bu yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olishda fidokorona mehnat qilgan dehqon va fermerlarga chin yurakdan minnatdorchilik bildirdi. U o‘z so‘zida:
– Yer – bebaho boylik. Uni o‘z vaqtida va sifatli shudgorlab, to‘g‘ri parvarish qilgan holda munosabatda bo‘lish, kelgusi yili mo‘l hosil olishning eng muhim garovi, – deya ta’kidladi.

Shuningdek, Farhod Ermanov kuzgi shudgorlash ishlarini samarali tashkil etish, yerlarni bahorgi ekinlarga tayyorlash, suv va texnik resurslardan oqilona foydalanish hamda tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Tadbir davomida Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev va bir qator tuman hokimlari so‘zga chiqib, kuzgi shudgorlash ishlarini belgilangan muddatlarda va agrotexnik talablar asosida sifatli amalga oshirish zarurligini alohida ta’kidladi.

➡️ Ushbu seminar nafaqat amaliy tajriba almashish, balki dehqon va fermerlar uchun kelgusi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, yer unumdorligini oshirishda katta ahamiyatga ega.