Qishloq xo‘jaligida quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha Xorazm tajribasi o‘rganildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Teshayev rahbarligida To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Amudaryo va Beruniy tumanlari hokimlari, shuningdek, barcha tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida Xorazm viloyatiga amaliy tashrif tashkil etildi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — qishloq xo‘jaligida sug‘orish tarmoqlarida quyosh panellaridan samarali foydalanish bo‘yicha Xorazm viloyatining ilg‘or tajribasini o‘rganishdan iborat.

Amaliy tashrif dasturi Shovot tumanida joylashgan Yusuf Hamadoniy ziyoratgohini ziyorat qilish bilan boshlandi. Ziyorat chog‘ida Qur’on tilovati o‘qilib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida duo qilindi.

Shundan so‘ng delegatsiya Shovot tumani “Sohibkor” OFY hududidagi Udachi kanali bo‘yida joylashgan fermer xo‘jaligida bo‘lib, quvvati 200 kVt bo‘lgan quyosh panellari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur tizim orqali fermer xo‘jaligida sug‘orish uchun foydalaniladigan suv nasoslari quyosh energiyasi yordamida ishlatilmoqda, ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi esa davlat tarmog‘iga sotilib, qo‘shimcha daromad olinmoqda.

Keyingi manzil Urganch tumanida barpo etilayotgan “Eko bog‘” loyihasi bo‘ldi. Bu yerda olib borilayotgan ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ekish va qurilish ishlari jarayonlari bilan tanishilib, loyiha doirasidagi ishlar yuqori baholandi.

Amaliy tashrif davomida o‘rganilgan tajribalarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilab olindi.