Taxtako‘pir tumanida g‘alla yetishtirishda hosildorlikni oshirish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi
Taxtako‘pir tumanidagi «A.Adilov» OFY hududidagi «Gafur-taxta» fermer xo‘jaligining dala maydonlarida g‘alla ekinlari misolida ko‘rgazmali amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi direktori D.Utambetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha kotibiyati mudiri F.Nurmuxammedov hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari ishtirok etdi.

Seminarda g‘alla yetishtirishni to‘g‘ri tashkil etish, hosildorlikni oshirish, yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish orqali suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, klasterlar vakillari, qishloq xo‘jaligi xodimlari va soha mutaxassislari dala sharoitida amaliy takliflar va ilg‘or tajribalar bilan tanishdi. Mutaxassislar agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish bo‘yicha tushuntirishlar berdi.
