Ellikqal’a tumanida bog‘dorchilikni rivojlantirish, hosildorlikni oshirish hamda zamonaviy agrotexnik usullarni keng joriy etish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir Agrosanoatni rivojlantirish agentligi loyiha ofisi mas’ullari boshchiligida Tozabog‘ ovuli hududida joylashgan “El agro tomorqa klaster” MCHJga qarashli 15 gektarlik intensiv olma bog‘ida o‘tkazildi. Seminar davomida olma daraxtlariga to‘g‘ri shakl berish, mavsumiy kesish ishlarini amalga oshirish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish, shuningdek o‘g‘itlash hamda samarali sug‘orish usullari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Amaliy jarayon davomida mutaxassislar tomonidan daraxt shoxlarini to‘g‘ri kesish texnikasi ko‘rsatib berildi. Shuningdek, yosh nihollarni parvarishlash, hosil sifatini yaxshilash hamda kelgusi yilda yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi. Seminarda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislari, o‘simliklar karantini va himoyasi sohasi vakillari hamda tumandagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari faol ishtirok etdi.