🌾 Taxtako‘pir tumanida agrar sohada muhim seminar o‘tkazildi

Taxtako‘pir tumani hokimligi majlislar zalida agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljon Aytbaev rahbarligida tashkil etildi.

Seminar davomida bahorgi agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish, ekin maydonlarini sifatli urug‘lik va mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida ta’minlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish hamda yetkazib berish tizimini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlari, hududiy qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislari, shuningdek urug‘, mineral o‘g‘it hamda qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib beruvchi korxonalar vakillari faol ishtirok etdilar.

Seminarda eng muhim yo‘nalishlardan biri — aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi alohida ta’kidlandi.

Seminar yakunida vazir tomonidan fermerlarning murojaatlari tinglanib, ularni hal etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar va mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.