Ellikqal’a tumanida fermerlar va agroklasterlar bilan sayyor qabul bo‘lib o‘tdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljon Aytbayev tomonidan Ellikqal’a tumani hokimligi majlislar zalida fermer xo‘jaliklari hamda agroklasterlar vakillari bilan sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Mazkur qabuldan ko‘zlangan asosiy maqsad — hududdagi fermer va dehqon xo‘jaliklarining murojaatlari, muammolari hamda takliflarini bevosita tinglash va ularning yechimiga amaliy ko‘mak berishdan iborat bo‘ldi.
Sayyor qabulda Ellikqal’a tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A. Ko‘ziyev, vazirlik mutaxassislari, shuningdek, urug‘, mineral o‘g‘it va qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib beruvchi korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Jarayon davomida fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari o‘z murojaatlarini ochiq va erkin tarzda bildirdi. Vazir tomonidan barcha murojaatlar diqqat bilan tinglanib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha vaqt va o‘rganish talab etiladigan masalalar yuzasidan esa tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida fermerlarga qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar hamda mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur sayyor qabul hududda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, fermerlarning muammolarini tizimli hal etish hamda ular bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.

