Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2026-yil hosili uchun paxta mavsumini samarali tashkil etish maqsadida tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu jarayonda Amudaryo tumanining Oq oltin ovuli hududidagi “Saparbayev Qadir” fermer xo‘jaligida respublika miqyosidagi amaliy seminar tashkil etildi. Mazkur tadbir chigit ekish jarayonlarini ilg‘or agrotexnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish hamda hosildorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Kamiljon Aytbaev, shuningdek, barcha tuman hokimlari, tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari, soha mutaxassislari hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarning borishi atroflicha tahlil qilinib, aniqlangan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Amaliy seminar davomida mutaxassislar tomonidan yerlarni ekishga sifatli tayyorlash, chigitni agroiqlimiy sharoitlardan kelib chiqib optimal muddatlarda ekish, zamonaviy texnika va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha batafsil tavsiyalar berildi. Har bir agrotexnik jarayonda qat’iy intizom va belgilangan texnologik talablarning so‘zsiz bajarilishi yuqori hosildorlikka erishishning hal qiluvchi omili sifatida alohida ta’kidlandi.

Seminar doirasida tashkil etilgan dala ko‘rgazmalari ishtirokchilarga nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish imkonini berdi. Xususan, chigit ekish texnologiyasi, ekish agregatlarining sozligi, ularni samarali boshqarish va optimal ish rejimlarini ta’minlash jarayonlari bevosita dalada namoyish qilindi. Bu esa fermerlar va mutaxassislar uchun ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Amudaryo tumani qishloq xo‘jaligi salohiyati yuqori bo‘lgan hududlardan biri sanaladi. Tumanning umumiy yer maydoni 102 ming gektardan ortiq bo‘lib, shundan 33 ming 648 gektari sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlaridir. Ayni paytda tumanda 631 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyat yuritib, ular tomonidan 30 ming gektardan ziyod maydonlarda ekinlar parvarishlanmoqda.

2026-yil hosili uchun tumanda jami 31 ming 274 gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 13 ming gektari paxta maydonlariga to‘g‘ri keladi. Bu esa paxtachilikning tuman iqtisodiyotidagi strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Paxtachilik yo‘nalishida tumanda 335 ta fermer xo‘jaligi hamda “Eko teks” MCHJ klasteri faoliyat olib bormoqda. Ekin maydonlarida “Sulton”, “Ravnaq-2” kabi mahalliy va xorijiy navlarni keng joriy etish, shuningdek, yakka va qo‘sh qatorli ekish tizimlarini qo‘llash orqali hosildorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha joriy yilda 80 ming gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan. Bugungi kunda respublika hududlarida jami 4 813 ta fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritib, ular turli yo‘nalishlarda samarali ishlab kelmoqda.

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, belgilangan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi natijasida o‘rtacha hosildorlik 50–60 sentnerdan yuqori bo‘lishi, yalpi hosil hajmi esa sezilarli darajada ortishi kutilmoqda. Bu esa respublika paxtachilik tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Seminar yakunida mas’ullarga chigit ekish ishlarini belgilangan agrotexnik muddatlarda — mart oyining oxiridan aprel oyining boshlariga qadar yuqori sifatda tashkil etish, har bir gektardan maksimal hosil olish uchun barcha resurslarni safarbar etish hamda jarayonlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Ta’kidlash joizki, bunday amaliy yondashuvlar va tizimli choralar qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda yuqori natijalarga erishishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Yerga e’tibor va ilmiy asoslangan yondashuv esa mo‘l hosilning eng muhim garovidir.