Muhtaram Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrda «Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-465-sonli qarori asosida dala chetlariga, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga eksportbop ekinlarni ekish muhim vazifa etib belgilandi.
Ushbu qarordan kelib chiqqan vazifalarni, qolaversa, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruh rahbari – O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori Ibrohim Ergashev rahbarligida Xo‘jayli tumanidagi «Samanko‘l», «Qumjiqqin», «Amudaryo» va «Kun nuri» mahallalari aholisi uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Seminarda tuman hokimi J.Ermashev, tegishli soha mutaxassislari, mahalla ettiligi vakillari va hudud aholisi ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, quritish, issiqxonalardan samarali foydalanish va shu orqali aholi daromadlarini oshirish zarurligini ta’kidlashdi.
Bu ishlarni boshlab yuborish maqsadida biriktirilgan vakil I.Ergashev tomonidan hudud aholisiga yaqindan yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, mavsum davomida jami 100 ming dona gilos ko‘chatlarini yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, bugunning o‘zida 10 ming tup gilos ko‘chatlari, belkurak, ketmon, chelak va boshqa ish qurollari bepul tarqatildi.
Shundan so‘ng ko‘chatlarni to‘g‘ri ekish va parvarishlash bo‘yicha ko‘rgazmali tarzda tushuntirilib, yaxshi niyatlar bilan ko‘chatlar o‘tqazildi.