Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida tuproq qoplami, unumdorligi, eroziyasi, sho‘rlanishi va tuproqdagi organik uglerod ro‘li hamda suv resurslaridan samarali foydalanish, barqaror qishloq xo‘jaligini yuritishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Koziyev, TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti dotsenti A.Karimov, Tuproqshunoslik instituti laboratoriya mudiri, professor R.Kurbantayev, «Innovatsiya-ideya» MCHJ rahbari G.Jumaniyazovalar ishtirok etishdi.
O‘tkazilgan uchrashuvda tuproq qoplami, unumdorligi, eroziyasi, sho‘rlanishi va tuproqdagi organik uglerod ro‘li hamda suv sifatini monitoring qilish tizimini o‘rnatish orqali suv resurslarini oqilona boshqarish shu bilan birga, tabiiy yechimlarga asoslangan o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqish va bu orqali qishloq xo‘jaligida zararli pestitsidlardan foydalanishni kamaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha masalalar qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida joriy yilning 25-27-mart kunlari Qo‘ng‘irot, Chimboy hamda Nukus tumanlarida barqaror qishloq xo‘jaligini yuritish, suv hamda tuproq tahlillarini o‘tkazish, ushbu tahlil natijalari bilan tanishtirish maqsadida har bir tumanda o‘quv treninglarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.