Bugun Qoraqolpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati tashabbusi bilan Taxiyatosh tumanida joylashgan “Nukus Universal Baza” MCHJ issiqxonasi faoliyati bilan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Mazkur issiqxona 2018 yilda Koreya Respublikasidan olib kelingan zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, hozirda bir gektar maydonda Yaponiyaning “Betis F1” navli pomidori yetishtirilmoqda. Korxonada 3 nafar xodim doimiy ish bilan ta’minlangan, mavsumiy ishlar davrida esa 20–25 nafar ishchi bandligi ta’minlanadi.

Press-tur davomida jurnalistlar “Nukus Universal Baza” MCHJ hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Taxiyatosh tumani bo‘limi hamkorligida issiqxona egalari uchun pomidor va boshqa issiqxonada yetishtiriladigan poliz ekinlarining navlariga bag‘ishlangan seminar tashkil etilganiga guvoh bo‘ldilar.

Ma’lumot o‘rnida, Taxiyatosh tumanida jami 26 gektar maydonda issiqxonalar mavjud bo‘lib, tuman bo‘limi tasarrufida 7 ta issiqxona qayd etilgan. Hozirgi kunda ulardan 6 tasi faoliyatini davom ettirmoqda. Ushbu issiqxonalar qish mavsumida tumandagi aholini arzon va sifatli pomidor, bodring hamda boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlab kelmoqda.

Ushbu tadbir issiqxona xo‘jaliklarida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mahsulot yetishtirish samaradorligini oshirish va fermerlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.