Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PK-334-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2026-yil 20–21-yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining katta majlislar zalida «Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, veterinariya xizmatlaridan foydalanishning ahamiyati va iqtisodiy natijasi» mavzusida fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur o‘quv-seminar fermer xo‘jaliklarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida ilg‘or agrotexnologiyalarni keng joriy etish, chorvachilikda veterinariya xizmatlaridan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratildi.

Seminarning birinchi kuni — 2026-yil 20-yanvar kuni Taxiatosh, Xo‘jayli, Shumanay, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq, Kegeyli, Bo‘zatov, Chimboy, Qorao‘zak, Taxtako‘pir va Nukus tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi. Ikkinchi kuni — 21-yanvar kuni esa To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlari fermer xo‘jaliklari uchun seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘quv-seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengashi Qo‘miyta raisi Anvar Jumanazarov rahbarligida bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchiligida tashkil etildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalar, resurslarni tejovchi sug‘orish usullari, chorvachilikda samarali boshqaruv, veterinariya xizmatlaridan foydalanishning iqtisodiy ahamiyati, kasalliklarning oldini olish va mahsuldorlikni oshirish masalalari bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.
Shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan amaliy tavsiyalar berilib, fermerlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytarildi. Seminar yakunida ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi va sifati oshishi, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy barqarorligi mustahkamlanishi ta’kidlandi.
Mazkur o‘quv-seminar Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasida tizimli islohotlarni chuqurlashtirish hamda fermer xo‘jaliklarining raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
