Amudaryo tumanining “To‘lqin” va “Oq oltin” OFY hududlarida 2026-yil chigit ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida qator amaliy seminarlar tashkil etildi
Mazkur seminarlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anvar Jumanazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o’rinbosari Anvar Xalimbetov boshchiligida o‘tkazildi. Tadbirda qishloq va suv xo‘jaligi sohalariga mas’ul tashkilotlar rahbarlari, tuman hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.


Seminarlarning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi ishlarini ilmiy asosda, belgilangan agrotexnik muddatlarda va yuqori sifatda tashkil etish, shuningdek, 2026-yilgi hosil uchun mustahkam zamin yaratishdan iborat bo‘ldi.


Tadbirlar davomida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash ustaxonalarida olib borilayotgan ishlar, texnika va agregatlarni mavsumga tayyorlash jarayonlari joyida ko‘zdan kechirildi. Shu bilan birga, ekin maydonlarini shudgorlash, lazerli tekislash, sho‘r yuvishga yer tayyorlash, chel olish hamda sho‘r yuvish ishlarining borishi yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.


Shuningdek, urug‘lik chigitini tozalash, saralash, tuksizlantirish va dorilash, biolaboratoriyalarni mavsumga tayyorlash masalalari seminarlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ushbu jarayonlar sog‘lom ko‘chatlar yetishtirish va yuqori hosildorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Seminarlar jarayonida so‘zga chiqqan Qo‘mita raisi Anvar Jumanazarov yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni to‘liq va sifatli amalga oshirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini qayd etdi. Shuningdek, sho‘rlangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali barqaror hosildorlikka erishish mumkinligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyor Yusupov ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish, qandaklarni belgilangan me’yorlarda qazish, suv sarfini aniq hisobga olish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, suvdan tejamkor va samarali foydalanish qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashning muhim omillaridan biridir.


Tadbirlar doirasida 2026-yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonlariga go‘ng chiqarish, yerga yer qo‘shish, meliorativ holatni yaxshilash hamda ichki sug‘orish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Fermerlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning taklif va muammolari tinglandi hamda mas’ullar tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur amaliy seminarlar Amudaryo tumanida 2026-yilgi qishloq xo‘jaligi mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilayotganidan, sohada tizimli yondashuv va amaliy nazorat kuchaytirilayotganidan dalolat beradi.
