Press-turning navbatdagi manzili Ellikqal’a tumanida faoliyat yuritayotgan «UMIDBEK ODILBEK» MCHJ issiqxona majmuasi bo‘ldi.

2020-yilda tashkil etilgan, 3 gektar maydonni egallagan mazkur issiqxonada Xitoy texnologiyasi asosida limon yetishtirilayotgani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Majmua rahbari R.Kuliyev tomonidan issiqxonadagi agrotexnik tadbirlar, hosildorlik va ish jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar «UMIDBEK ODILBEK» MCHJning omborxonasini ham ko‘zdan kechirdilar. U yerda saqlanayotgan poliz ekinlarining fitosanitar holati, mahsulotlarni saqlash sharoitlari bilan yaqindan tanishildi.

Fitosanitar davlat inspektorlari tomonidan omborxona zararkunandalari, ularning oldini olish va doimiy nazorat qilish choralari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tadbir davomida sayyor laboratoriya mutaxassislari tomonidan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari amalga oshirildi hamda tegishli xulosalar taqdim etildi.