Bog‘dorchilik bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Bahor faslining kirib kelishi jamiki jonzotlar va o‘simlik dunyosini jonlantiradi. Bu vaqtda bog‘dorchilikda amalga oshiriladigan bir qancha muhim tadbirlar mavjud. Beruniy tumani Shabboz ovul fuqarolar yig‘inidagi “Sabirov Sa’dulla bog‘i” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda bog‘dorchilik, uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agronomlar, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari ishtirok etdi.

“Ifoda” kompaniyasi menejerlari tomonidan bog‘dorchilikda zararkunandalar va turli kasalliklarga qarshi kurashuvchi preparatlar bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Seminar davomida ko‘p yillik tajribaga ega bog‘bonlar tomonidan, bog‘ parvarishi bo‘yicha amaliy maslahatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Ma’lumot uchun Beruniy tumanida 577 ga mevali bog‘ maydonlari mavjud bo‘lib, shundan 443 ga hosilga kirgan bog‘ hisoblanadi. 92 ga uzumzor maydonlarining 72 ga hosil berib kelayotgan uzumzorlardir. 2026-yilda bog‘ qator oralariga 411 ga sabzavot-poliz ekinlari joylashtiriladigan bo‘lsa, shundan 40 ga maydonga erta pishar kartoshka ekilishi rejalashtirilgan.