Amudaryoda kartoshka urug‘chiligi rivojida yangi bosqich

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida sifatli urug‘chilik tizimini rivojlantirish, tomorqalardan samarali foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi ijobiy tajribalar Amudaryo tumanida ham o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, «Xolimbeg» qishlog‘ida yashovchi ilg‘or tomorqa egasi Erkinboy Xo‘jayev tomonidan kartoshka urug‘chiligi yo‘nalishida boshlangan tashabbus bugun amaliy natijalari bilan e’tibor qozonmoqda. O‘tgan yili Qishloq xo‘jaligi vazirligi va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida 300 kilogramm «Toshkent» navli kartoshka urug‘i ekilib, 10 sotixdan 4 tonnagacha hosil olindi. Bu yuqori natija tumanda urug‘chilikni rivojlantirish bo‘yicha muhim tajriba sifatida baholandi.

Ana shu muvaffaqiyatli tajriba asosida Erkinboy Xo‘jayev joriy yilda kartoshka urug‘chiligi maydonlarini yanada kengaytirib, 70 sotix yer maydoniga ushbu navni ekdi. Bundan tashqari, kartoshka urug‘ini ko‘paytirish va hududda urug‘chilik bazasini shakllantirish maqsadida qishloqdagi tomorqa yer egalariga ham ekish uchun urug‘lar tarqatildi. Bu esa aholi tomorqalarida samarali dehqonchilikni rivojlantirish, yuqori hosildorlikka erishish va daromad manbalarini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Erkinboy Xo‘jayevning faoliyati faqat kartoshka yetishtirish bilan cheklanib qolmayapti. U o‘z tomorqasida hudud iqlim sharoitida noyob xurmo daraxtlarini parvarishlab, ulardan hosil olmoqda. Shuningdek, 1 sotix maydonda limonariya tashkil etib, sitrus mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Qo‘shimcha ravishda issiqxona tashkil etilib, unda bodring yetishtirish ishlari ham olib borilmoqda.

Ushbu ko‘p tarmoqli tomorqa xo‘jaligi tajribasi yer maydonlaridan oqilona foydalanish, diversifikatsiyani kengaytirish va tomorqa xo‘jaliklarining iqtisodiy samaradorligini oshirishda namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda Amudaryo tumani hokimligi, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi va mutaxassis agronomlar bilan hamkorlikda ushbu tajribani ommalashtirish, kartoshka urug‘chiligi tizimini ilmiy yondashuv asosida rivojlantirish, agrotexnik tadbirlar va o‘quv-seminarlar tashkil etish orqali sohada yangi yutuqlarga erishish maqsad qilingan.

Amudaryoda yo‘lga qo‘yilayotgan bunday ilg‘or tashabbuslar nafaqat tomorqani rivojlantirishga, balki hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.