Nukus tumanida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan dala seminari o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Aytbaev rahbarligida Nukus tumanida g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan dala seminari tashkil etildi.

Seminarda “O‘zagroinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i E.Qayipbergenov, Nukus tumani hokimi Z.Zaytov, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Dala seminari davomida g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish, sug‘orish va oziqlantirish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, zararkunandalar va kasalliklarga qarshi samarali kurashish, o‘simliklarni himoya qilish hamda hosildorlikni oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan g‘o‘zani parvarishlashda ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash, muammolarni bartaraf etish va yuqori hosil olish uchun zarur chora-tadbirlarni tizimli amalga oshirish bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.