Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida o‘quv seminari boshlandi

Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan paxta terish mashinalari mexanizatorlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bag‘ishlangan 5 kunlik o‘quv seminari o‘z ishini boshladi.

Seminarning asosiy maqsadi – paxta yig‘im-terimi mavsumi oldidan mexanizatorlarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda paxta terish mashinalarini to‘g‘ri va samarali boshqarish bo‘yicha zamonaviy usullarni o‘rgatishdan iborat.

Seminar davomida qatnashchilar paxta terish texnikalarini ishga tayyorlash, texnika xavfsizligi qoidalari, kundalik texnik xizmat ko‘rsatish, mashinalardan unumli foydalanish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik nosozliklarning oldini olish masalalari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda qatnashadi.

Ta’kidlanganidek, paxta yig‘im-terim mavsumiga sifatli tayyorgarlik ko‘rish, texnikalarning to‘liq tayyorligini ta’minlash va mexanizatorlarning malakasini oshirish yig‘im-terim ishlarining samarali va yuqori sifatda olib borilishida muhim o‘rin tutadi.