Qoraqalpog‘istonda paxtani qabul qilish va saqlash bo‘yicha mutaxassislar malakasi oshirilmoqda
Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-dekabrdagi PQ-370-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Abdurahmonovning 2026-yil 31-iyuldagi 01/24-1-10-05/192-sonli topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida paxtani qabul qilish, saqlash va dastlabki qayta ishlash jarayonlariga mas’ul mutaxassislar uchun o‘quv-seminari tashkil etildi.
Ushbu o‘quv mashg‘ulotlariga Qoraqalpog‘istondagi paxtani qayta ishlash zavodlari tarkibidagi 10 ta paxta tozalash korxonasi va 41 ta paxta qabul qilish maskanlarining 1-, 2- va 3-zona tovarchilari, laboratoriya boshliqlari, paxtani qabul qilish va saqlash uchun mas’ul mutaxassislar hamda boshqa tegishli xodimlar ishtirok etdi.
O‘quv-seminarlarni Respublika ishchi guruhi tarkibidagi Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti olimlari olib bordi. Mashg‘ulotlar davomida paxta xomashyosini qabul qilish, sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash, laboratoriya tahlillari, saqlash talablariga rioya qilish hamda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Seminar yakunida tinglovchilarning bilim darajasi test sinovlari va savol-javoblar orqali baholandi. Test topshiriqlarini muvaffaqiyatli bajargan ishtirokchilarga reyting ballari qo‘yilib, tajriba oshirganligini tasdiqlovchi QR-kodli sertifikat va identifikatsiya beyjiklari topshirildi.
Ushbu o‘quv-seminarlar paxta hosilini qabul qilish jarayonlarining shaffofligini, mahsulot sifatini ishonchli baholash hamda sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
