Amudaryo tumani paxta yig‘im-terimiga har tomonlama tayyor
Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi sohasida yetakchi tumanlardan biri hisoblangan Amudaryo tumanida paxta yig‘im-terim mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakuniy bosqichga kirdi.
Bugungi kunda Agroinspeksiya tuman bo‘limi tomonidan yig‘im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida texnikalar, paxta qabul qilish joylari va zarur infratuzilmaning tayyorligi doimiy nazorat qilinmoqda.
Tumandagi 337 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 748 ta traktor tirkamasi 5 ta paxta qabul qilish punktiga jamlangan. Shuningdek, 2024-2025 yillarda tumanga 12 ta zamonaviy paxta terish mashinasi olib kelingan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni yana 12 taga ko‘paytirildi. Bu esa paxta yig‘im-terim ishlarini qisqa muddatlarda, sifatli va bezarar amalga oshirish imkonini yaratadi.
Joriy mavsumda tumandagi 4 ta subyektga qarashli paxta qabul qilish maskanlarida 64 ming 175 tonna paxta xomashyosini qabul qilish rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or tumanlardan biri hisoblangan Amudaryo tumanida yaratilgan tayyorgarlik va texnik salohiyat paxta yig‘im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish va belgilangan hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
